Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʼib qilish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʼgʼrisida"gi qarorida jamoat joylarida QR-kodlar yordamida elektron kitoblar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni maxsus tablolarda joylashtirish va ularni mobil qurilmalarga yuklab olish va oʼqish imkoniyatini yaratish boʼyicha topshiriqlar berilgan.
Davlatimiz rahbari ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʼlga qoʼyish boʼyicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.
Jumladan, Uchinchi tashabbus - Аholi va yoshlar oʼrtasida kompьyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
Toʼrtinchi tashabbus – yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʼrtasida kitobxonlikni keng targʼib qilish boʼyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʼnaltirilgan.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida TАTUning Qarshi filiali professor oʼqituvchilari, iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan majmuaning Ishchilar shaharchasidagi Xodimlarni qayta tayyorlash oʼquv markazi joylashgan binoning 1-qavatidagi foyeda va ShGKM “Medservis” sogʼlomlashtirish maskanida oʼzbek zamonaviy va mumtoz adabiyoti, jahon adabiyoti durdonalaridan QR-kodli elektron kitoblar maxsus javonlarda joylashtirildi.
Ommaviy kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun QR-kodli elektron kitoblardan tashkil topgan maxsus javonlar jamoat joylarida, majmua xodimlari harakatlanadigan gavjum joylarga oʼrnatiladi.
Shuningdek, kelgusida ushbu kitoblar doimiy yangilanadi va talablarga binoan texnika va texnologiyalarga oid ilmiy adabiyotlar bilan boyitish ishlari olib boriladi.
Har bir kitob uchun maxsus QR-kod berilgan va istalgan shaxs ushbu kodni faollashtirib, oʼzi istagan elektron kitobni bepul koʼchirib olishi mumkin. Buning uchun mobil telefoningizda QR-kodni skaner qiladigan ilovalardan birortasi boʼlishi yetarli. Ushbu ilovani elektron javondagi oʼzingiz istagan kitobga yoʼnaltirsangiz brauzerlar orqali “qr-book.apk” ilovani yuklab beradi. Siz ushbu dasturni mobil telefoningizga oʼrnatganingizdan soʼng, elektron kitob javondagi kitoblardan foydalanishingiz mumkin.
Elektron kitoblar kutubxonasiga tashrif buyuring va oʼzbek zamonaviy hamda mumtoz adabiyoti, jahon adabiyoti durdona kitoblarini mutolaa qiling!