So‘nggi vaqtlarda dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida xom ashyo zaxiralaridan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarish jarayonining atrof muhitga va insonlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu borada xalqaro sertifikatlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan ISO seriyali standartlarini joriy qilish ishlarining muhimligi kun sayin ortib bormoqda.

Majmuada ham ko‘plab sanoat korxonalari singari integratsiyalashgan boshqaruv tizimi joriy qilingan bo‘lib, u sifat menejmenti tizimi (ISO 9001), ekologik menejment tizimi (ISO 14001), mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlikni boshqarish tizimi (ISO 45001) hamda energetik menejment tizimlaridan (ISO 50001) iborat edi.
Biroq, joriy yil davomida majmuada yana bitta standart, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi (ISO 37001) hamda korxona resurslarini boshqarishni avtomatlashtirish bo‘yicha ERP tizimlari ham joriy qilindi. Natijada avvalgi mavjud biznes-jarayonlarda ko‘plab o‘zgarishlar yuzaga keldi.

“Shurtan GKM” MCHJda tashkil etilgan Integratsiyalashgan boshqaruv tizimi xizmati ushbu o‘zgarishlar va mavjud integratsiyalashgan boshqaruv tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflarni kundalik hayotga tatbiq qilish hamda ko‘plab tizimlarni yagona markazda birlashtirish, ularning o‘zaro aloqalarini muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshirishda muhim o‘rinni egallaydi.
Yangi ishlab chiqilayotgan jarayon tavsiflarining asosiy qismida ma’lumotlarning vizual ko‘rinishda ifoda etilishi ularni anglab yetish hamda o‘zlashtirishni birmuncha osonlashtiradi. Bu esa, o‘z navbatida, yangi biznes-jarayonlar va hujjatlarni joriy qilishni yengillashtiradi hamda ushbu ishlarga majmuaning barcha ishchi-xodimlarining keng jalb qilinishida muhim omil bo‘ladi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati