Tizimda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar o‘rtasida shaxmat turniri o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4954-sonli qarori ijrosini ta’minlash uchun “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshrig‘iga asosan shaxmat turniri tashkillashtirildi.

“O‘zbekneftaz” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi, Personalni boshqarish departamenti personal bilan ishlash bo‘limi sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish guruhi tomonidan Toshkent shahridagi Xalqaro shaxmat akademiyasida uyushtirilgan musobaqada tizimdagi korxonalardan saralab olingan 100ga yaqin xodimlar kuch sinashishdi.

Musobaqa Xalqaro shaxmat federatsiyasining amaldagi qoidalari asosida tashkil etildi va rapid yo‘nalishida 2 guruhda ya’ni ayollar hamda erkaklar o‘rtasida tashkil etildi.

Har bir musobaqa 7 turda shvetsarcha tizimda bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga o‘yin oxiriga qadar 10 daqiqa vaqt berildi, birinchi yurishdan boshlab har yurishga 2 soniyadan vaqt qo‘shib borildi.

Keskin kurashlarga boy bo‘lgan uchrashuvlar natijasiga ko‘ra, g‘oliblar to‘plagan ochkolari soniga qarab aniqlandi.

Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda aql gimnastikasida kuchli ekanligini amalda isbotlagan “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” korxonasi xodimi Alisher Rajabov 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

“Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” vakili Shavkatjon Tillayev 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” jamoasi a’zosi Iskandar Kenjayev faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlar ham ancha murosasiz tarzda o‘tdi va raqibalariga imkoniyat qoldirmagan “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” jamoasi a’zosi Laylo Hasanova 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

“Guliston neft bazasi” xodimasi Gulnoza Ochilova esa 2-o‘rinni, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” vakilasi Xurshida Qo‘ziyeva 3-o‘rinni egalladi.

Musobaqada 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan sportchilar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadilar. Shuningdek, “Eng yaxshi natija ko‘rsatgan faxriy”, “Eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan xodim” nominatsiyalari g‘oliblari ham aniqlanib mukofotlanishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz