“Sho‘rtangazkimyo” majmuasi “O‘zbekneftgaz” AJning mustaqillik yillarida amalga oshirgan yirik loyihalaridan biri hisoblanadi.
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi Sho‘rtan gazkondensati koni bazasida barpo etilgan mazkur majmua respublikamiz iqtisodiy yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda bu yerda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish hamda amalda ishlab turgan zavodni modernizatsiya qilish, jadal sur’atlarda barpo etilayotgan "Uzbekistan GTL" zavodiga to‘liq integratsiya qilish hamda bu jarayonda amalga oshirilayotgan ishlarda kapital quyilmalarni kamaytirishga erishish “Sho‘rtangazkimyo” majmuasining ustuvor vazifalaridir.

O‘zA muxbirining “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi bosh direktori Shuhrat ASLANOV bilan bo‘lgan suhbati aynan shu ustuvor vazifalar ijrosi, pandemiya davridagi faoliyat va joriy yilning 9 oylik yakunlari bo‘yicha erishilgan natijalar xususida bo‘ldi.

– 2017 yilda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish“ loyihasini amaliyotga tatbiq etish boshlandi, – dedi Sh.Aslanov. – Bunda asosiy xomashyo bazasi sifatida ishga tushirilishi ko‘zda tutilayotgan “Uzbekistan GTL” zavodi ishlab chiqaradigan uglevodorodlar naftasini qo‘llash rejalashtirilgan. Bu loyihani amalga oshirganimizdan so‘ng yurtimizga yana 280 ming tonna bimodal polietilen va 100 ming tonna polipropilen xomashyosini yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirgi kunda majmua tomonidan “Uzbekistan GTL” zavodi qurilishi ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan infrastruktura ob’yektlarini barpo etish ishlari jadal tarzda amalga oshirilmoqda. Jumladan, ushbu ishlar uzviyligida biz tozalangan tabiiy gazni ushbu yangi zavodga uzatish o‘lchov uzelini qurish ishlarini yakunladik. Shu bilan birga, “Uzbekistan GTL” zavodini yoqilg‘i gazi bilan ta’minlash loyihasiga ko‘ra, gaz va suv quvurlarini tortish ishlari to‘lig‘icha nihoyasiga yetkazilib, zavod faoliyati uchun shay qilib qo‘yilgan.

“Uzbekistan GTL” zavodi ishchilar shaharchasi ham to‘liq foydalanishga topshirildi. Yaqinda yana bir yangilik – zavod uchun elektr ta’minoti podstantsiyasi ishga tushirildi. Foydalanishga topshirilgan yangi podstantsiya nafaqat “Uzbekistan GTL” zavodini, balki “Sho‘rtangazkimyo” majmuasining galdagi ishlab chiqarish quvvatlari uchun muhim elektr energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.

– Joriy yilda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish ko‘rsatkichi va eksport imkoniyati qanday bo‘ldi?

– 2020 yilda pandemiya sharoitiga qaramasdan, korxona o‘zining ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirishga erishdi. Buni men raqamlarda izohlab beraman. Masalan, majmuaning 9 oylik yakunlariga ko‘ra, ko‘rsatkichlar 104 foizga bajarildi. Hatto qo‘shimcha 200 million kub metr xomashyo gazni qayta ishlab, rejaga nisbat 5 ming tonna ortiq polietilen, 5 ming tonna suyultirilgan gaz ortiqcha ishlab chiqarildi. Pandemiya holatida hamki, biz rejaga nisbatan 7 ming tonna polietilen eksport qildik. Buning natijasida valyuta tushumi ko‘payishiga erishildi.

Albatta, bunday natijalarga erishishda 3 ming 800 nafardan ortiq ishchi-xodim va mutaxassisning munosib hissasi bor. Pandemiya sharoitida ular uchun barcha sharoit yaratildi. Karantin talablari asosida ishni tashkil etib, zarur hollarda ishchi-xodimlarga moddiy ko‘mak berdik. Jamoadagi ahillik, bir-birini qo‘llash, qolaversa, mehnatga bo‘lgan rag‘bat va e’tibor bu yilgi sinovli kunlardan yutuqlar bilan chiqib olishga puxta zamin bo‘ldi.

– Bugungi kunda zavodda necha turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda?

– Zavodning asosiy ishlab chiqarish jarayonlari etilen va polietilen ishlab chiqarish tsexida amalga oshiriladi. Bu erda polietilen granulasini ishlab chiqarishda AQSh, Germaniya, Yaponiya, Koreya, Kanada va Italiya mamlakatlarining ilg‘or texnologiyalari va jihozlaridan unumli foydalaniladi. Yana bir e’tiborli jihati, 2002 yil avgust oyida ishga tushirish ishlari nihoyasiga yetgach, ushbu majmuada UzClear tovar belgisi bilan birinchi “O‘zbek polietileni” ishlab chiqarilgan.

Zavodning polimer ishlab chiqarish quvvati 125 ming tonnani tashkil etadi. Ushbu majmua ishga tushirilishi munosabati bilan o‘tgan davr mobaynida respublikamiz sanoat tarmog‘ida yangi bir yo‘nalish, ya’ni polimerlarni qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Zavodimizda hozir 27 turdagi polietilen ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, gazdan sof oltingugurt olinmoqda. Bundan esa o‘g‘it, tibbiyot vositalari, kislota olish, rezina ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. Hozir plyonkalar ham ishlab chiqaryapmiz. 25 kilogrammlik plyonka qoplarda polietilen qadoqlanadi. 2006 yildan esa 20 dan 250 mm.gacha diametrdagi polietilen quvurlar ishlab chiqarilmoqda.

“Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi faoliyatida yangilik va izlanishlar hamisha muhim hisoblanadi. Shu bois, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan neft-gaz sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuamiz ishini takomillashtirish, ehtiyoj va talablarga mos mahsulotlar ishlab chiqarishga yanada keng imkoniyat yaratadi.

manba: Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi, O‘zA

 

 

www.sgcc.uz