O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 4 may kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida samaradorlikni oshirish, energiya sarfini optimallashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ushbu yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevga aviakerosin va dizel importini to‘liq qoplash, 3 ta propan-butan aralashmasi hamda Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish (GTL) zavodi ishga tushirilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ushbu topshiriqlarni bajarilishi yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJda Boshqaruv raisi boshchiligida “Ishchi guruhi” tuzildi va hozirda GTL zavodida elektr energiyasi, xomashyo suv, yoqilg‘i gaz yetkazish ishlari, yong‘inga qarshi tizim va loyiha doirasidagi eng og‘ir vazifalaridan biri, umumiy og‘irligi 8 ming tonnadan ziyod bo‘lgan Fisher-Tropsh reaktorlarini yig‘ish ishlari holati o‘rganilmoqda.

GTL zavodida bo‘lib turgan “Ishchi guruh” a’zolari asosiy texnologik qurilmalarning tasdiqlangan rejaga asosan qurilish jarayoni va ishga tushirish sozlash oldi ishlarini hamda qurilish maydonida faoliyat olib borayotgan mutaxassis va ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlari bilan tanishib chiqmoqda.

GTL zavodini ishga tushirish va sozlash ishlarini sifatli bajarilishini ta’minlash, shu ishlarni bajaradigan va zavodni keyinchalik ekspluatatsiyasini amalga oshiradigan mutaxassislarning bilim saviyasi, ko‘nikma va malakalarini doimiy ravishda oshirib borilishi nazoratga olindi.

Boshqaruv raisi O‘zbekistonda va butun dunyoda vujudga kelgan epidemiologik vaziyatga qaramasdan, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqadagi eng yirik bo‘lgan zavod qurilishi davom etayotgani va unda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan, mutaxassislar bilan suhbat qildi.

Ularga yaratib berilgan sharoit va muammolar borasida fikrlari bilan qiziqdi. Ushbu strategik muhim loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan har bir xodimning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha GTL zavodi rahbariga aniq vazifalar belgilab berildi.

Ta’kidlash kerakki, zavod qurilishida ishtirok etayotgan xorijiy va mahalliy mutaxassislar uchun to‘liq karantin talablariga javob beradigan yashash va ish sharoitlari yaratildi. Epidemiologik vaziyat og‘ir bo‘lgan ayrim davlatlardagi chet ellik mutaxassislar bilan esa onlayn ishlash imkoniyatlari yaratildi.

Hozirda qurilish maydonchasidagi ishchilar soni 10,3 ming nafarni tashkil etib, shundan 1 600 dan ko‘proq ishchi chet ellik mutaxassislar hisoblanadi. Hukumat ko‘magi bilan, yaqinda qo‘shni Qozog‘iston, Rossiya, Koreya davlatlaridan 200 dan ortiq malakali mutaxassislarning O‘zbekistonga charter reyslari orqali olib kelinishi tashkil etildi. Shuningdek, yana 100 ga yaqin mutaxassislarning kelishi uchun charter reyslarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda loyiha bajarilishi 88,8 foizga yetdi. Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha orqali yiliga 3,6 milliard kubometr tozalangan tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna neftkimyo sohasi uchun xom-ashyo bo‘lgan nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

Ayni paytda qurilish maydonchasiga 1 045 dona uskunadan 964 ta (jami 92,4%) uskunalar yetkazilgan, shundan 750 ga yaqin uskunalar texnologik zonada o‘rnatilgan. Shuningdek, Fisher-Tropsh reaktorlari bo‘yicha 100,0% ishlar bajarildi va hozirgi vaqtda qurilish maydonchasiga jami 930 texnika jalb qilingan.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz