O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mintaqadagi eng yirik korxonaning qurilish ishlarini 2020 yilning yakuniga qadar yakunlab, uni ishga tushirish borasida topshiriqlar berildi.

Ushbu topshiriqlarni amalda bajarilishini ta’minlash maqsadida "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev "GTL" zavodida bo‘ldi va zavodda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari holati o‘rganildi.

Tunu kun ish davom ettirilayotgan "GTL" zavodining asosiy texnologik qurilmalarining qurilish jarayoni hamda qurilish maydonida faoliyat olib borayotgan mutaxassis va ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlari o‘rganildi.Qashqadaryo viloyatida joylashgan konlar va quduqlardagi vaziyatni o‘rgangan Boshqaruv raisi qorong‘u tushgan bo‘lishiga qaramay, "Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish" investitsiya loyihasi qurilish maydonida bo‘ldi.

O‘zbekistonda va butun dunyoda vujudga kelgan epidemiologik vaziyatga qaramasdan, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqadagi eng yirik bo‘lgan zavod qurilishi davom etmoqda.

Ushbu strategik muhim loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan har bir xodimning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, uning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishiga qaratilgan bir qator ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisiga hisobot bergan "GTL" zavodi rahbari Fahriddin Abdurasulovga ko‘ra, "Investitsiya loyihasi"ni amalga oshirish yakuniy bosqichga kirgan, 10 mingga yaqin ishchilar, minglab texnikalarda qurilish ishlarini uzluksiz davom ettirishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda respublika iqtisodiyoti uchun o‘zining strategik ahamiyati va muhimligi bilan mintaqadagi eng yirik investitsion loyiha - "Uzbekistan GTL" to‘liq loyihalash quvvatiga erishgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

Zavod dunyoning neft va gaz kimyosi sohasida yetakchi hisoblanadigan Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsoe (Daniya) va Chevron (AQSh) kabi kompaniyalarning texnologiyalari asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, bu yerda 808 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Loyiha doirasida qurilish-montaj ishlarini joriy yilning dekabr oyiga qadar tugatish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz