Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining faollar zalida Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlariga qarashli 99750-sonli harbiy qism bilan hamkorlikda "14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Vatanparvarlik ruhida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov hamda Toifalangan ob’yektlarni qo‘riqlash qo‘shinlariga qarashli 99750-sonli harbiy qism komandiri, podpolkovnik G‘ulomjon Boboyev barcha yurtdoshlarimizni va tadbir ishtirokchilarini bugungi bayram bilan samimiy muborakbod etishdi.

Bayram tadbiri davomida harbiy qism askarlarining jangovor chiqishlari bilan bir qatorda, Qarshi ixtisoslashgan san’at maktabi talabalari hamda majmua tasarrufidagi “Erkatoy-4” maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan jajji bolajonlarimizning chiqishlari ishtirokchilarga o‘zgacha g‘urur va zavq bag‘ishladi.

Vatan himoyachisi deganda, avvalo, harbiy libosdagi qo‘liga qurol tutib, Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlayotgan askarlarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Biroq, o‘z bilimi, fidoiyligi bilan Vatanimiz istiqboli, kelajagi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan har bir inson Vatan himoyachisidir. Shunday ekan, mamlakatimiz kelajagi yo‘lida astoydil xizmat qilayotgan, Vatan manfaatlarini o‘z manfaatlaridan ustun qo‘yadigan, o‘z kasbining bilimdonlari, atrofdagilarga befarq qaramaydigan insonlar ham haqiqiy Vatan himoyachilari hisolanadi.

Bayramingiz muborak bo‘lsin azizlar!

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ

 

 

www.sgcc.uz