3D seysmik geologiya-qidiruv ishlari quduqlar topilishida samarali usul bo‘lib qolmoqda

“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan uglevodorod xomashyo bazasini qayta tiklash va rivojlantirish yo‘lida 3D seysmik geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, 2020 yilning yanvar–avgust oylari mobaynida “Gazli” va “Uchqir” maydonlarida 440 kv km hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari bajarildi, natijada esa 16 ta quduq qurilish bilan tugatildi, 4 ta yangi maydonda izlov-burg‘ilash ishlari boshlandi.

Burg‘ilash ishlari natijasida, shuningdek,  9 ta quduqdan (“Janubiy Ko‘lbeshkak-3”, “Shorqum-2”, “O‘rtabuloq-1”, “Shimoliy Urga-2”, “To‘maris-5”, “Andakli-3”, ”O‘rtaqum-1”, “Shortak-2”, “Janubiy Aqqum-1”)  kunlik jami 1374 ming kub metr miqdorda tabiiy gaz va 25,5 ming kub metr miqdorda kondensat oqimlari olindi hamda “Yangi O‘rtaqum” va “Janubiy Aqqum” gaz kondensat konlari ochildi.

Shuningdek, “Chakkaqum-Shimoliy Suzma”, “Murodtepa-Otamurod”, “Inom”, “Sovligar”, “Janubiy Zekri” konlarida razvedka ishlari to‘liq yakunlandi va ularning uglevodorod zaxiralari “O‘zbekneftgaz” AJ qoshidagi Markaziy zaxiralarni hisoblash komissiyasida tasdiqlandi va Davlat geologiya qo‘mitasining doimiy harakatdagi zaxiralar komissiyasiga topshirildi.

Olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida 7,033 mlrd kub metr hajmda tabiiy gaz hamda 273,2 ming tonna hajmda suyuq uglevodorodlar zaxirasi o‘stirildi. 

Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining 2020 yil 19 iyul №01-10/77-sonli yig‘ilishidagi topshiriqlarning ijrosini ta’minlagan holda, yil yakuniga jami 35 ta (qo‘shimcha 5 ta quduq) izlov-qidiruv quduqlarini yakunlash va uglevodorod xomashyosi zaxiralarini o‘stirish, tabiiy gaz bo‘yicha 20,0 mlrd kub metrga (qo‘shimcha 2,0 mlrd kub metr), suyuq uglevodorodlar bo‘yicha 620 ming tonnaga (qo‘shimcha 20,0 ming tonna) o‘stirish ta’minlanadi.

O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz