Energetika vaziri boshchiligida "GTL" zavodidagi qurilish-montaj ishlari holati o‘rganildi

Energetika vaziri Alisher Sultonov va “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodining qurilish maydonida bo‘lib, karantin qoidalariga rioya etilayotganlik va amalga oshirilayotgan so‘nggi bosqich qurilish-montaj ishlari holatini o‘rgandi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli, zavodning qurilish maydonidagi ishchi-xodimlari uchun loyiha hududida 1400 o‘ringa mo‘ljallangan maxsus karantin zonasi va 400 o‘rinli gospital tashkil etildi.

Shu jumladan, 5 ta tez yordam mashinalari va 30 dan ziyod tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi tashkil etilgan bo‘lib, koronavirus testlari uchun uskunalar, pulsoksimetr, oksigenerator va boshqa zarur bo‘lgan tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan maxsus laboratoriya va dori-darmonlarning zaxirasi yaratildi.

Energetika vaziri tashrif davomida ishchi-xodimlar uchun yaratilgan ishlash va yashash sharoitlarini to‘liq o‘rgandi va “Uzbekistan GTL” MChJ va “Sho‘rtan GKM” MChJ hamkorligida tashkil etilgan qo‘shimcha maxsus laboratoriya bilan ham tanishdi.

PZR testlarni bajarish uchun xarid qilingan uskuna va dori-darmon zaxirasi bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

“Uzbekistan GTL” rahbari tomonidan qurilish maydonida sanitariya-epidemiologiya holati yaxshilanguniga qadar ishchilar soni kamaytirilganligi, shu jumladan loyihaga jalb etilgan ishchi-xodimlarga munosib mehnat va yashash sharoitlari yaratilganligi hamda o‘z vaqtida ish haqlari to‘lab berilayotganligi borasida axborot berildi.

Ta’kidlash kerakki, mintaqadagi eng innovatsion ishlab chiqarish korxonalaridan biri bo‘lishi kutilayotgan ushbu zavodda karantin va xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda ish bir necha smenada tashkil qilingan bo‘lib, qurilish ishlari shu yilning oxirida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Tashrif davomida Energetika vaziri rahbarligida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining loyiha bajarilishini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar ijrosi holati o‘rganilib chiqildi, qurilishni yakunlash bo‘yicha muammoli masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, "GTL" zavodini ishga tushirish va sozlash ishlarini sifatli bajarilishini ta’minlash, shu ishlarni bajaradigan va zavodni keyinchalik ekspluatatsiyasini amalga oshiradigan mutaxassilarni bilim saviyasi, ko‘nikma va malakalarini doimiy ravishda oshirib borilishi zarurligi alohida qayd etildi.

Yig‘ilishda Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “Uzbekistan GTL” MChJ, “Sho‘rtan GKM” MChJ, “Eriel Group” MChJlarning rahbarlari, hamda bosh pudratchi – “Hyundai Engineering Ltd.” va “Enter Engineering Pte. Ltd.” konsortsiumi, loyihaning boshqaruvi bo‘yicha maslahatchisi - TechnipFMS kompaniyasining direktsiya rahbarlari, shuningdek mas’ul mutaxassislar ishtirok etdilar.

Hozirgi vaqtda ayrim xorijlik mutaxassislarni vatanlariga yuborish ishlari olib borilayapti. Shuningdek, qurilish-montaj ishlarini uzluksizligini ta’minlash maqsadida mahalliy va xorijlik yangi mutaxassislarni jalb qilish rejasi ishlab chiqilmoqda.

Uzoq vaqtdan buyon zavod qurilishida ishlayotgan hindistonlik, vetnamlik va xitoylik ishchilarni malakali mutaxassislar bilan o‘rin almashishtirish hamda ularni charter reyslar bilan uylariga qaytarish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari loyiha menejerlariga ishchilar bilan har kuni tarbiyaviy-tushuntirish, motivatsion suhbatlar uyushtirish, ruhiy qo‘llab-quvvatlovga oid ishlarni tashkil qilish ta’kidlandi.

Shuningdek, “Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi doirasida pudratchilar tomonidan loyihani amalga oshirilishining umumiy ko‘rsatgichi 90 foizga bajarilgani ma’lum qilindi.

Qurilish maydoniga 93 foiz asosiy texnologik uskuna va qurilmalar yetkazilgani, shundan, 73 foizi (yoki 34,1 ming tonnaga teng) zavodning texnologik hududiga o‘rnatilgani ta’kidlandi.

Ta’kidlash kerakki, to‘liq loyihalash quvvatiga erishgach, zavodda yiliga 3,6 milliard kubometr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

 

Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz