MSK'da Qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilindi

9-November, 2016-yil O‘zbekiston yangiliklari

Shu yilning 8-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Komissiya Raisi M. Abdusalomov boshqardi. Majlisda siyosiy partiyalarning vakillari, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovni kuzatish missiyasi a’zolari, shuningdek ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi ko‘zi ojiz fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash, ular uchun Brayl alifbosida saylov byulletenlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qildi.

Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi fuqarolar tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashish huquqiga ega.

Ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoliga, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.

Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasining shu yil 7-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi izchil amalga oshirilmoqda.

Jamiyatni yanada yangilash va demokratlashtirish fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash bilan uzviy bog‘liqdir. Milliy saylov tizimi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun, unga so‘nggi yillarda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek, saylovchilarning qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklarini keng tushuntirish ishlari olib borilyapti. Tadbirlar aholining keng qatlami, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan yigit-qizlar, nuroniylar, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, fuqarolar yig‘inlari vakillari, mehnat jamoalarida, o‘quv muassasalarida, shuningdek, xorijda olib borilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha butun saylov kampaniyasi keng oshkoralik asosida o‘tkazilyapti. Amaldagi qonunlarga binoan, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, matbuot, televideniye va radio vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Saylov kampaniyasida xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ma’lumki, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilar missiyasining elchi Yoxan Peter Traugott Teyler boshchiligidagi asosiy guruhi saylov jarayonini kuzatish bo‘yicha o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Majlisda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilar missiyasining mamlakatimizga shu yilning 6-7-noyabr kunlari tashrif buyurgan 20 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini

yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi

Manba: elections.uz