2019 yilning 30 dekabr kuni majmuada “Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi” MChJ mehnat jamoasining 2019 yil yakunlari va Yangi 2020 yil munosabati bilan bayram tadbiri oʼtkazildi.


Tadbirda “Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Bosh direktori Sh.Аslanov “Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi” MChJ mehnat jamoasini yangi kirib kelayotgan 2020 yil bilan tabriklab, 2019 yilda ishlab chiqarish koʼrsatkichlarini bajarilishida, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirishda oʼzining faolligi bilan oʼrnak boʼlgan bir guruh majmua ishchi-xizmatchilarni taqdirladi.


Jumladan, majmuaning 2019 yil 19 avgustdagi 090/387-i/ch-sonli buyrugʼi asosida 2019 yilning 20 avgustdan 20 sentyabrgacha “Eng ekologik toza sex” koʼrik-tanlovi hamda “Obodonlashtirish va koʼkalamzorlashtirish oyligi” natijasiga koʼra Zavod markaziy laboratoriyasi, Mexanik taʼmirlash sexi, Temir yoʼl transporti bilan taʼminlash xizmati mehnat jamoalari 3-oʼringa, Ichki suv taʼminoti sexi, Ishchilar shaharchasi UJFX mehnat jamoalari 2-oʼringa, Bugʼ gaz havo taʼminoti sexi mehnat jamoasi 1-oʼringa loyiq deb topilib, majmua diplomi va kitoblar toʼplamlari bilan taqdirlanishdi.

“Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi” MChJda jamoa tomonidan ishlab chiqarishdagi murakkab vazifalarni amalga oshirish jarayonida mukammal yechim asosida samaradorlikka erishganligi uchun “Yilning eng samarador mehnat jamoasi” nominatsiyasi boʼyicha Polietilen ishlab chiqarish sexi mehnat jamoasi, mehnat jamoasining belgilangan vazifalarga sidqidildan yondoshishi, fidokorona mehnati, jamoatchilik ishlaridagi faol ishtiroki uchun “Yilning eng faol mehnat jamoasi” nominatsiyasi boʼyicha Bosh mexanika xizmati va Mexanik taʼmirlash sexi mehnat jamoalari, mehnat jamoasida mehnat qonunchiligi va ichki mehnat tartib qoidalari talablariga muvofiq ishlar tashkil etilganligi hamda majmuada yuqori mehnat intizomi koʼrsatgichlariga erishganligi uchun “Yilning eng intizomli mehnat jamoasi” nominatsiyasi boʼyicha “Lochin” bolalar dam olish oromgohi mehnat jamoasi gʼolib deb topilib, majmua diplomi va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Bayram tadbirida 2019 yil mobaynida majmuada turli soha yoʼnalishlar boʼyicha oʼz mehnati va faolligi bilan barchaga namuna boʼlgan ishchi-xizmatchilarining bir guruhi majmua diplomi va esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandilar.

Majmuada koʼp yillik mehnat faoliyati, yuqori bilim va malakasi hamda korxona rivojiga qoʼshayotgan beqiyos hissasi uchun majmua Bosh direktorining transport masalalari boʼyicha oʼrinbosari N.Xalilov “2019 yil xodimi” nominatsiyasiga loyiq deb topilib, majmua diplomi va qimmatbaho sovgʼa bilan taqdirlandi.

Tadbir mobaynida majmuaning badiiy jamoasi aʼzolari ishtirokida “Zakovat” intellektual shou oʼyining bayram hazil dasturi namoyish etildi.
Shuningdek, bayram tadbiriga tashrif buyurgan Mulla Toʼychi Toshmuxammedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali dramma teatrining bir guruh xonandalari tomonidan yangragan diltortar qoʼshiqlar va betakror chiqishlar barchaga xushkayfiyat ulashdi. Bir soʼz bilan aytganda, ushbu tadbir kirib kelayotgan yangi 2020 yil olididan “Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi” MChJ mehnat jamoa aʼzolariga quvonch baxsh etdi.