Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlariga qarashli 99750 hamda 99150-sonli harbiy qism xizmatchilari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Bayram munosabati bilan tashkil qilingan tadbir Vatanimiz madhiyasining tantanavor jarangi bilan ochib berildi.

Tadbir Vatanimiz posbonlari, milliy armiyamiz shijoati va matonati aks etgan videoroliklar namoyishi hamda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Eshmurodov, toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli 99150-sonli harbiy qism komandiri podpolkovnik N.Avazov hamda 99750-sonli harbiy qism komandiri podpolkovnik G‘.Boboevlarning tabrik so‘zlari bilan davom etdi.

Bayram tadbirida fidokorona xizmatlari uchun 99750 hamda 99150-sonli harbiy qismning bir guruh xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, tadbir davomida majmuada uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ishchi-xodimlar va harbiylar Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tashkil etilganligining 20 yilligi munosabati bilan esdalik sovg‘alari bilan ham taqdirlandi.

Tadbir nafaqat yaxshi fikrlar, tilaklardan balki, quvnoq va sho‘x kuy-qo‘shiqlarga boy o‘tdi. Avvalo harbiycha sadolar ostida yangragan qo‘shiqlarga hamohang tarzda davom etgan taronalar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Bayram tadbiri davomida majmua yoshlari va harbiylar ishtirokida korxonada an’ana tusiga kirib ulgurgan "Breyn-ring" intellektual shousining bayramona soni bo‘lib o‘tdi.

Unda 99150-sonli harbiy qismning “Temur vorislari”, 99750-sonli harbiy qismning “Turon arslonlari” hamda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining “Yosh kimyogarlar” jamoalari o‘zaro bellashdilar.

Bellashuvda kichik farq bilan “Turon arslonlari” jamoasi g‘alaba qozondi va barcha ishtirokchilar munosib taqdirlandi.

Bayram tadbiri davomida harbiy qism askarlarining jangovor chiqishlari ishtirokchilarga o‘zgacha g‘urur va zavq bag‘ishladi.

 
 
 
 
 
 
 

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz