Bugungi kunda axborot texnologiyalari hayotimizning barcha sohalariga kirib borib, uning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa zamonaviy texnologiya asosida jihozlangan texnologik jarayonlarda o‘lchash vositalarini yanada sifatli ishlashini ta’minlash borasida metrologiya xizmati rivojlanib  bormoqda.
Xususan, “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning Metrologiya xizmati, sohaning zamonaviy yutiqlaridan foydalangan xolda majmuada mavjud sarf, sath, bosim va harorat o‘lchash asboblarini qiyoslashdan o‘tkazish hamda akkreditatsiya jarayonini qo‘llashda yutuqli va samarali ishlarini amalga oshirmoqda.

Jumladan, texnologik jarayonlarning uzluksiz va barqarorligini ta’minlash maqsadida xizmatning Qiyoslash laboratoriyasi muhandis-texnik xodimlari tomonidan, ichki imkoniyatlardan foydalangan holda joriy yilning birinchi choragida 1725 dona o‘lchash asboblari qiyoslashdan o‘tkazildi.
Shuningdek, “O‘zMMI” DK va tashkilotning Qashqadaryo filiali tomonidan jami 405 dona o‘lchash asboblari qiyoslovdan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Shurtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidan “Uzbekistan GTL” MCHJ zavodiga uzatiladigan tabiiy gaz tijorat tarmog‘ining Shurtan gaz kimyo majmuasi hududida joylashgan yangi turdagi “Flowsic 600-XT” ultratovushli sarf o‘lchash vositalari o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu tijoriy o‘lchash asboblariga ham Qiyoslash laboratoriyasi xodimlari tomonidan Metrologik xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Ma’lumot uchun, majmuaning Qiyoslash laboratoriyasi “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi tashkilotlar orasida birinchilar qatorida 18 yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Akkreditatsiya markazi” DUK tomonidan 2021-yil 26-iyul kuni davlat reyestrida O‘ZAK.QL.0053 ro‘yxat raqami bilan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan hamda akkreditatsiyalash guvohnomasiga ega bo‘lgan.

Ushbu akkreditatsiya guvohnomasi orqali nafaqat majmuaga tegishli bo‘lgan o‘lchash asboblarini qiyoslovdan o‘tkazish balki boshqa yuridik tashkilotlarga xam xizmat qilish huquqini qo‘lga kiritgan.
Bunga misol tariqasida aytishimiz mumkinki, birgina “Uzbekistan GTL” MCHJ korxonasi bilan o‘tgan 2022-yilda 600 million so‘mlik shartnoma tuzilib, korxonadagi o‘lchash asboblarini qiyoslovdan o‘tkazish ishlari olib borilgan.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati