“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig'iga asosan, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi”da barpo etilayotgan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tozalangan metan gazidan sintetik suyuq yonilg'i ishlab chiqarish” investitsion loyihasi doirasida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” va “Uzbekistan GTL” zavodini tashqi elektr ta’minoti bilan ta’minlash uchun “GTL 220/35/10 kV” podstantsiyasining qurilish va montaj ishlari uzluksiz davom ettirilmoqda.

Ushbu podstantsiya “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” va “Uzbekistan GTL” – sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavodning barqaror ishlashini ta’minlaydi. Loyiha “Sredazenergosetproyekt” aktsiyadorlik jamiyati loyiha instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan edi.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi”ning mutaxassislari va ishchi-xodimlari tomonidan tashqi elektr ta’minoti uchun har biri 125 MVt quvvatga ega ikkita transformatorli “GTL 220/35/10 kV” podstantsiyasining boshqaruv binosida qurilish ishlari deyarli, 95 foizga bajarildi.

Podstantsiyadan “Uzbekistan GTL” zavodigacha bo‘lgan masofada ikki tarmoqli 220 kV kenglikdagi 35 kVli havo tarmoqlari to‘liq qurib bitkazildi. Shuningdek, hududiy yoritish tizimlari, yordamchi obyektlar, yong‘inga qarshi suv nasos stantsiyasi va rezervuarlari hamda yopiq taqsimlash qurilmasi binolarining qurilish va montaj ishlari tugatildi.

Podstantsiya uchun elektr qurilmalari va jihozlari “Hyundai Engineering and Construction Co.Ltd” kompaniyasi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘liq yetkazib berildi.

Hozirgi kunda “GTL 220/35/10 kV” podstantsiyasidagi o‘rnatilgan elektr qurilmalarning ikkilamchi zanjir sxemasidagi kabellarni yotqizish va ulash ishlari olib borilmoqda.

“Uzbekistan GTL” – tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaradigan yirik zavodlardan biri bo‘ladi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati jahon standartlariga javob beradigan 1,5 million tonnadan ortiq yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘ini tashkil etadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz