1. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi

2020 yil 1 dekabrdan:

  • ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar vakolatiga o‘tkaziladi;
  • huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan ma’muriy jarimani sud va vakolatli idoralarda ish ko‘rilgunga qadar ixtiyoriy to‘lash rag‘batlantiriladi.

2. Umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash joriy etiladi

Bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning milliy test tizimi joriy etiladi.

Umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatlash 2020 yil 1 dekabrda ona tili va adabiyot (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlari bo‘yicha joriy etiladi.

3. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan o‘quv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

4. O‘zbekistonning Afg‘oniston Islom Respublikasida savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi.

5. Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspektsiyasi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yiliga 5 tadan o‘simliklar karantini sohasidagi o‘ziga xos “detektor”lar – xizmat itlari hamda 5 nafardan kinologlar tayyorlab berilishini ta’minlaydi.

6. Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi

Jamg‘armaning asosiy vazifalari, jumladan, quyidagilar hisoblanadi:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;
  • aholining barcha qatlamlarini kafolatlangan paket doirasida sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan I va II toifalarga mansub bo‘lgan mo‘ljallanayotgan va rejalashtirilayotgan faoliyat turlari bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari o‘tkaziladi.

8. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan kreditlar bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), biroq 8 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda kafillik beriladi.

Kredit summasi 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan biotexnologiyalar sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagi miqdorlarda kompensatsiya beriladi:

  • milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha – Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan ortiq, biroq 5 foizli punktdan oshmagan miqdorda;
  • xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 30 foizi, biroq 4 foizli punktdan oshmagan miqdorda.

Biotexnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonga 3 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy ilmiy tashkilotlarga ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun 10 milliard so‘mgacha maqsadli grantlar taqdim etiladi.

9. 2020 yil 1 dekabrdan:

  • jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar, davlat bojlari, jinoiy va ma’muriy jarimalar, davlat foydasiga boshqa turdagi undiruvlar hamda davlat daromadiga o‘tkaziladigan olib qo‘yilgan mol-mulkni sotishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha kelib tushgan mablag‘lar alohida g‘aznachilik hisobraqamida jamlanadi va belgilangan miqdorda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun ochilgan hisob raqamlariga proportsional tartibda yo‘naltiriladi;
  • ijro hujjatini majburiy ijro etish davomida qarzdorning xatlangan mol-mulki boshlang‘ich narxdan 30 foizlik chegirma bilan, Davlat byudjetiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha sotilayotgan mol-mulk esa – hududiy kengashlar qaroriga muvofiq 50 foizgacha chegirma bilan narxni oshirib borish uslubida o‘tkaziladigan dastlabki elektron onlayn-auktsionga qo‘yiladi (bundan garovga qo‘yilgan mol-mulk bilan ta’minlangan qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari mustasno).

manba: huquqiy axborot

 

 

www.sgcc.uz